Jahon / 28-Iyul, 23:03 24

Samarqand IPU Yosh parlament a'zolarining XII global konferensiyasiga mezbonlik qiladi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva rahbarligida Parlamentlararo ittifoq (IPU) Yosh parlament a'zolarining XII global konferensiyasini Samarqand shahrida o'tkazishga tayyorgarlik ko'rish masalalariga bag'ishlangan Tashkiliy qo'mita yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Yig'ilishda 2026-yilning 4–6-sentabr kunlari o'tkazilishi rejalashtirilgan nufuzli xalqaro anjumanga puxta tayyorgarlik ko'rish, tashkiliy ishlarni yuqori saviyada amalga oshirish hamda konferensiyani keng jamoatchilikka yoritish bo'yicha belgilangan vazifalar muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, mazkur konferensiyani O'zbekistonda o'tkazish tashabbusi Prezident tomonidan 2025-yilda Toshkent shahrida bo'lib o'tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida ilgari surilgan edi. Shundan so'ng Oliy Majlis Senati va Parlamentlararo ittifoq o'rtasida konferensiyani Samarqand shahrida o'tkazish bo'yicha bitim imzolandi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi yosh parlament a'zolari o'rtasida hamkorlikni mustahkamlash, parlament diplomatiyasini rivojlantirish hamda O'zbekistonning ochiq va konstruktiv tashqi siyosatini xalqaro maydonda keng namoyish etishdan iborat.

Shuningdek, anjuman doirasida yoshlar huquqlarini himoya qilish, raqamli transformatsiya sharoitida ularning imkoniyatlarini kengaytirish, bandlik, gender tengligi, xotin-qizlar va yoshlarga nisbatan zo'ravonlikning oldini olish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga oid dolzarb masalalar yuzasidan xalqaro muloqotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Teglar
#Jahon
Baholash