Oliy Majlis Senati a’zolari hududlarda olib borayotgan o‘rganishlari doirasida Namangan viloyatida ijtimoiy soha obyektlari faoliyati tahlil qilindi hamda fuqarolar bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Tashrif davomida senatorlar sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy muassasalarda yaratilgan sharoitlar, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati hamda mavjud muammolar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, tibbiyot muassasalarida davolash jarayonlari, zamonaviy uskunalardan foydalanish va tibbiy xizmatlar sifati o‘rganildi.
Ochiq muloqotlar chog‘ida fuqarolar tomonidan yo‘llar, ichimlik suvi, sog‘liqni saqlash, bandlik va ijtimoiy himoya masalalariga oid murojaatlar tinglandi. Har bir murojaat yuzasidan mas’ul tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berilib, ularni hal etish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.
Ta’kidlanganidek, bunday o‘rganishlar hududlardagi mavjud muammolarni joyida aniqlash, aholining ehtiyojlarini inobatga olgan holda ularni bartaraf etish hamda ijtimoiy soha samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Senatorlar hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va ijtimoiy loyihalar ijrosini doimiy nazorat qilib borish, fuqarolar bilan ochiq muloqotlarni izchil davom ettirish muhimligini qayd etdilar.