Aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish maqsadida yangi tajriba loyihasi yo‘lga qo‘yiladi. Dastlab ushbu tizim Andijon viloyatida sinov tariqasida amalga oshiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, tadbirkorlar o‘zlari import qilgan yoki birja savdolari orqali xarid qilgan suyultirilgan gazni aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga yetkazib berish huquqiga ega bo‘ladi.
Bu esa bozorda raqobatni kuchaytirish, xizmatlar sifatini oshirish va iste’molchilarni gaz bilan uzluksiz ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga suyultirilgan gaz xarajatlari uchun subsidiya ajratish mexanizmini joriy etish rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda 3,7 milliondan ortiq xonadon suyultirilgan gazdan foydalanmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar ushbu sohada xizmatlar samaradorligini oshirish va aholiga qulaylik yaratishga qaratilgan.